THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

«Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda Islom Karimovning tarixiy o‘rni»


26.08.2019

2019 yil 26-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida «Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda Islom Karimovning tarixiy o‘rni» mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

 

Mazkur konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida”gi 2017 yil 25 yanvardagi PQ-2744-sonli qarori va Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 25 fevraldagi 133-f-sonli farmoyishiga ko‘ra, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning xotira haftaligi doirasida o‘tkazilmoqda.

Mazkur konferensiya Islom Karimov nomidagi yodgorlik majmuasi, Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi va Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan.

 

Tadbirda vazirlik va idoralar vakillari, olimlar, ekspertlar, oliy o‘quv yurtlari vakillari, OAV xodimlari ishtirok etdi.

Konferensiyada Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova so‘zga chiqib, Islom Karimovning Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashdagi rolini ifodalovchi O‘zbekiston yangi tarixining muhim voqealari va davrlariga to‘xtalib o‘tdi.

 

Jumladan, T. Karimova o‘z nutqida shunday dedi: "O‘ta og‘ir davrda davlat boshqaruviga kelgan Islom Abdug‘aniyevich yurtimizning turli viloyatlarida yuzaga kelgan millatlararo qarama-qarshiliklarni hal etish uchun qat’iy va ayni paytda puxta choralar ko‘rishga kirishdi. U tinchlik va barqarorlik har qanday davlatning, ayniqsa, yosh respublikani ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy-gumanitar rivojlantirishning asosiy shartlaridan biri ekanini juda yaxshi bilardi. O‘zining puxta o‘ylangan rejalari va faol harakatlari tufayli u insoniy yo‘qotishlarni va ushbu salbiy tendensiyalarning iqtisodiy zararini minimallashtirishga muvaffaq bo‘ldi.

 

Konferensiyada ko‘zga ko‘ringan olimlar va jamoat arboblari – Yodgorlik majmuasi rahbar T.Sh. Shirinov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati K. Jo‘rayev, tarix fanlari doktori, professor M.A. Raximov, professor S.A. Jo‘rayev, iqtisod fanlari doktori, professor B. Islamov va boshqalar ishtirok etdi.

 

Konferensiya ishtirokchilarining ma’ruzalarida Islom Abdug‘aniyevich Karimov o‘zining serqirra siyosiy faoliyati, olijanob insoniy fazilatlari bilan Vatanimizning ko‘p asrlik tarixida o‘chmas iz qoldirganligi, Markaziy Osiyoda tinchlikni saqlash, bu mintaqani barqaror xavfsiz hududga aylantirish, Afg‘oniston muammolarini hal etish, jumladan Qirg‘izistondagi vaziyatlarni barqarorlashtirish, Tojikistonda tinchlikni saqlash borasidagi ishlarini e’tirof etdilar.

 

Tadbir doirasida konferensiya ishtirokchilari Islom Karimov haykali poyiga gulchambarlar qo‘yib, “Butun olamni jo qilgan yurak” nomli ko‘rgazmaga tashrif buyurdi.

Temur Kurbonboyev olgan suratlar