THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

Hasan Normurodov, “Nuroniy” jamg‘arasi Samarqand viloyati bo‘limi raisi


Hayot – beminnat murabbiy, degan gap bor. Bugun qariyb sakson yoshni qoralab, bu haqiqatni o‘z umrim, turmush tarzim misolida yaqqol his qilib turibman.

O‘tgan yillar davomida hayotning ko‘p sinovlarini boshdan kechirdim. Urush va undan keyingi og‘ir yillar hali bola qalbimda tinchlik eng oliy ne’mat ekanini anglashga o‘rgatdi. Mustabid tuzum davridagi zulm va zo‘ravonliklar erk va ozodlikning qadrini bildirdi. Zamini oltinga teng yurtda yashasang-da, nonga zor bo‘lsang, o‘zing paxta yetishtirsangu usting yupun bo‘lsa – dodingni kimga aytasanu kim eshitadi. Shunda ozodlik, mustaqillik degan muqaddas tushunchalarning ahamiyatini yanada teran anglaysan ekan.

Yoshlik yillarim, ayni kuch-quvvatga to‘lgan paytimda davlat idoralarida, jamoat tashkilotlarida mehnat qildim. Bor bilim va mahoratimni ishga solib, zimmamga yuklatilgan vazifalarni bekamu ko‘st bajarishga intildim. Ammo faqat yurtimiz mustaqillikka erishib, inson manfaati birinchi o‘ringa qo‘yilgach, qadr-qimmat nimaligini bildim.

Mamlakatimizda yashayotgan barcha nuroniylar, keksa avlod vakillari bu hayot haqiqatlarini yurtimiz mustaqilligi, xalqimiz baxtu saodati uchun butun borlig‘ini bag‘ishlagan, huzur-halovatdan kechgan Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov bois, u kishining jonkuyarligi, jo‘shqin faoliyati tufayli angladik.

Samarqandda tug‘ilib o‘sgan bu ulug‘ insonni respublika idoralarida turli lavozimlarda ishlagan davrida ham bilgan bo‘lsam-da, Qashqadaryoga birinchi rahbar bo‘lib borib, o‘sha vaqtda adolatsizlik va haqsizlikdan qaddi bukilgan viloyat ahliga chinakam suyanch bo‘lganini eshitgach, yaqindan taniganman. O‘tgan asrning nihoyatda og‘ir va taloto‘p davrida – 80-yillar oxirida, yurtimizda vaziyat g‘oyat qaltis bo‘lib turgan paytda Islom Karimov respublika yetakchisi bo‘ldi, vazmin siyosat yuritdi, xalqimiz ishonchini qozonib, uni o‘z ortidan ergashtira oldi. 

Ana shunday jasorati, qat’iyati tufayli Islom Karimov rahbarlik faoliyatining dastlabki davrlaridan davlatimiz mustaqilligi uchun kurashdi. Sobiq ittifoq respublikalari orasida birinchi bo‘lib O‘zbekistonda Prezidentlik boshqaruvini joriy etdi. "Paxta ishi", "O‘zbeklar ishi" deb nomlangan adolatsiz kampaniyalar qarorlarini bekor qilish, xo‘rlangan xalqni yorug‘lik sari olib chiqishga kirishdi. 

Birinchi Prezidentimizning davlatimiz, xalqimiz uchun amalga oshirgan buyuk xizmatlari o‘zligimizni anglash, insoniy qadrimiz, urf-odat va qadriyatlarimiz, muqaddas islom dinimiz, milliy-ma’naviy merosimizni tiklash, buyuk allomalarimiz nomini abadiylashtirish, yurtimizdagi muqaddas qadamjo va ziyoratgohlarni obod etishda o‘z ifodasini topdi.

Bu ishga mustaqillikning dastlabki yillaridanoq kirishildi. Har yili mamlakatimizning turli hududlarida buyuk allomalarimiz va tarixiy shaharlarimiz yubiley sanasi munosabati bilan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Buning natijasida Imom Termiziy, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Ahmad Farg‘oniy, Bahovuddin Naqshband singari ulug‘larimiz nomi bilan bog‘liq maskanlar obod etildi. Toshkent, Samarqand, Buxoro, Termiz, Xiva, Qo‘qon, Qarshi, Marg‘ilon shaharlarining tarixiy sanalari arafasida bu qadimiy kentlar butunlay yangicha qiyofa kasb etdi.

Sohibqiron Amir Temur tavalludining 660 yilligi munosabati bilan Samarqand, Shahrisabz, Toshkent shaharlarida katta hajmdagi qurilish-obodonlashtirish ishlari bajarildi. Bu tarixiy shaharlarda Sohibqironning ulug‘vor haykallari o‘rnatildi. Samarqanddagi Amir Temur maqbarasi, Shohi Zinda majmuasi va temuriylar davriga oid boshqa tarixiy-madaniy ob’ektlar, Shahrisabzdagi Oqsaroy madaniy yodgorligi va ular atrofi obod etildi.

Islom Karimovning o‘zi tug‘ilib o‘sgan Samarqandga farzandlik mehri, sadoqati o‘zgacha edi. U kishi har doim Samarqand haqida gapirganda uning buyuk tarixi, olijanob, bunyodkor xalqiga bo‘lgan cheksiz muhabbati, hurmatini ifoda etardi. Har gal Samarqandga kelganida, avvalo, muqaddas qadamjolarni ziyorat qilar, ushbu maskanlarni obod etish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini bildirardi. Shahar ahli, ziyolilar bilan suhbatlashardi, ularning fikrlarini eshitardi. Shunday uchrashuvlarning birida, aniqrog‘i, Amir Temur haykalining ochilish marosimida aytgan quyidagi gaplari hamon quloqlarim ostida jaranglab turadi:

“Samarqand tuprog‘ining har bir zarrasida ulug‘ bir hikmat bor, har bir ko‘chasi, maydon va xiyobonida salobat, fayzu tarovat bor. Samarqandning moviy gumbazlari, osmono‘par minoralari, ulardagi betakror ranglar, olam-olam mazmunga ega naqshu nigorlar bizni yerga qarab emas, boshimizni baland ko‘tarib qadr-qimmatimizni bilib yashashga undaydi”.

Insoniyatning betakror mo‘’jizasi deb e’tirof etiladigan dunyoga mashhur Registon maydoni atrofida sobiq tuzum mafkurasi bois bunyod etilgan turli bino va inshootlar boshqa joyga ko‘chirilib, ko‘rkam xiyobon tashkil etildi. Ushbu tarixiy majmua bor salobati va mahobati bilan jahon ahlini yanada hayratga solib kelmoqda. 1997 yildan buyon bu maydon Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining asosiy sahnasi vazifasini ham o‘tamoqda.
Tarixiy Toshkent ko‘chasining bugungi ko‘rku jamoli ham kishi ko‘zini quvnatadi. Registon majmuasidan chiqib, ushbu ko‘cha bo‘ylab yurar ekansiz, milliy hunarmandlik mahsulotlari ko‘rgazmalari bilan tanishasiz, Bibixonim masjidi va Siyob dehqon bozoriga chiqasiz. Ayni paytda bu hudud Samarqandning asosiy sayyohlik yo‘nalishlaridan biriga aylangan.

Sobiq tuzum davrida Amir Temur va uning avlodlari, ustozlari dafn etilgan maqbara ham g‘oyat ayanchli ahvolga tushib qolgan edi. Ziyoratgoh hovlisigacha uy-joy, turli binolar qurilgan, ishlab chiqarish korxonalari faoliyat ko‘rsatardi. Sohibqiron bobomiz tavalludining 660 yilligi munosabati bilan bu yerda misli ko‘rilmagan qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Registon ko‘chasidan Amir Temur maqbarasigacha bo‘lgan hududda ko‘rkam xiyobon bunyod etildi. Ayni paytda ushbu xiyobon, Amir Temur haykali o‘rnatilgan maskan va unga tutash Teatr maydoni, bu yerdagi turli favvoralar yaxlit me’moriy kompozitsiya hosil qilgan.

Birinchi Prezidentimizning alohida e’tibori tufayli Shohi Zinda yodgorlik majmuasi, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi va muzeyi, Registon, Dahbed, Bo‘stonsaroy ko‘chalari, Alisher Navoiy nomidagi markaziy madaniyat va istirohat bog‘i, Universitet xiyoboni va yana boshqa o‘nlab obidalarda keng ko‘lamli rekonstruksiya, ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

Bu bunyodkorlik ishlari samarasida Samarqand yirik xalqaro anjumanlar, siyosiy muloqotlar, madaniy tadbirlar o‘tkaziladigan markazga aylandi. Bugun bu shahardagi tarixiy obida va muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish uchun yurtimizning turli hududlaridan, xorijiy mamlakatlardan minglab sayyohlar kelmoqda. Bu maskanlar hamisha mehmonlar bilan gavjum...

Mana, besh oydirki, Hazrati Xizr majmuasidan yurtdoshlarimiz, chet ellik mehmonlarning qadami uzilmaydi. Ular mustaqil O‘zbekiston davlatining asoschisi, buyuk davlat va jamoat arbobi, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov mangu orom topgan maskanni ziyorat qilib, ulug‘ Yo‘lboshchimiz xotirasiga hurmat bajo keltirish uchun keladi. 

Yillar, asrlar o‘tadi. Xalqimiz Islom Karimovning mamlakatimiz ozodligi va obodligi yo‘lidagi xizmatlarini unutmaydi. Bu buyuk Inson ko‘rsatgan jasorat, u kishining vatanparvarlik va xalqsevarlik xislatlari avlodlardan avlodlarga o‘tib, mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligiga xizmat qilaveradi.