НАУЧНО-ПРОСВЕТИТЕЛЬСКИЙ КОМПЛЕКС ИСЛАМА КАРИМОВА

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Islom Karimov


06.12.2018

Davlat va jamiyat hayoti, uning barqaror taraqqiyoti kafolati Konstitutsiya hisoblanadi. Unda millat birligi va hamjihatligi, har bir fuqaroning haq-huquqlari hamda burch va majburiyatlari, insonparvar huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurish asosi ekanligini ko‘rsatilgan.

Konstitutsiya (lotincha “Constitution” – “tuzilish”, “tuzuk”) – davlatning asosiy qonuni. U davlat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartiblarni, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va shaxsning o‘zaro munosabatlarini, shuningdek, sud, davlat va jamiyatning o‘zaro munosabatlarini belgilab beradi. “Konstitutsiya” atamasi milodiy eramizning I asridayoq Qadimgi Rimdayoq ma’lum edi (imperator Konstitutsiyasi deb atalgan qonun). Amir Temur “Tuzuklar”i Sharq sivilizatsiyasi an’analariga xos shakldagi konstitutsiyaviy hujjat xususiyatiga ega bo‘lgan. Zero, unda milliy va umuminsoniy qadriyatlar uyg‘unligi, inson huquqlari va adolat tamoyillari ustuvorligi o‘z ifodasini topgan. Konstitutsiya ana shu tarixiy manbalarimiz, hamda hozirgi zamon jahonning 97 ta mamlakati to‘plagan ilg‘or konstitutsiyaviy tajribani inobatga olib yaratilgan.

1992 yil 8 dekabrda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov raisligidagi komissiya tomonidan ishlab chiqilgan loyiha asosida mamlakatimiz Konstitutsiyasining qabul qilinishi xalqimiz va davlatchiligimiz tarixidagi ulkan voqea bo‘ldi.

Oliy Kengash qarori bilan 1990 yil 21 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov raisligida davlat arboblari, deputatlar, olim va mutaxassislardan iborat 64 nafar a’zoni o‘zida jamlagan Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi. Konstitutsiyamiz loyihasi ana shu komissiya tomonidan 2 yil mobaynida tayyorlandi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini tayyorlashda Prezident Shavkat Mirziyoyev ham faol ishtirok etganini eslab shunday deydi: “Konstitutsiyaning yaratilishi va hayotimizga tatbiq etilishida zamonamizning buyuk davlat arbobi, ulug‘ yo‘lboshchimiz, muhtaram Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xizmati beqiyos ekanini barchamiz yaxshi bilamiz. Xalqimizning ongu tafakkuri, dunyoqarashi va butun hayotini tubdan o‘zgartirgan ushbu muhim siyosiy hujjatni ishlab chiqishda Islom Abdug‘aniyevichning konseptual ahamiyatga ega, teran fikrlari mustahkam zamin bo‘ldi. Oliy Kengash deputati sifatida men ham Konstitutsiyaviy komissiya tarkibida Bosh qomusimizni yaratish va qabul qilish jarayonida bevosita ishtirok etganimni doimo faxrlanib eslayman. Konstitutsiyamizning qanday qilib hozirgi mazmun va shaklga kelgani, bu murakkab jarayonda kechgan qizg‘in tortishuv va bahs-munozaralar bugungidek yodimda. Haqiqatan ham, 90-yillardagi o‘ta og‘ir davrda Asosiy qonunimiz loyihasini ishlab chiqishda Islom Abdug‘aniyevichdek keng miqyosda, strategik fikrlaydigan, uzoqni ko‘ra oladigan buyuk siyosiy arbobning bu ishga rahbarlik qilgani hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. ...Asosiy qonunimizda umume’tirof etilgan demokratik prinsiplar bilan birga, xalqimizning bebaho qadriyatlari va boy davlatchilik tajribasini ifodalash muhim edi. Aynan Birinchi Prezidentimizning sa’y-harakatlari bilan Konstitutsiyamizda “Inson va uning qadr-qimmati” degan ulug‘ tushuncha markaziy o‘ringa qo‘yildi”.

Darhaqiqat, Respublikamizning Birinchi rahbari Konstitutsiyaviy komissiya ish boshlashi bilan mamlakatimizning o‘ziga xos jihatlarini, xususiyatini munosib ravishda aks ettiradigan, jahon andozalariga to‘liq javob beradigan demokratiya eng rivojlangan davlatlar konstitutsiyaviy qonunchiligi erishgan yutuqlarni, xalqaro tajribalarni inobatga oladigan Asosiy Qonun loyihasini tayyorlashga bevosita rahbarlik qildi. Ushbu ulkan, tarixiy vazifalarni amalga oshirishda Birinchi Prezidentimiz buyuk davlat va jamoat arbobi, iste’dodli siyosiy yetakchi sifatida o‘zini namoyon qildi. Shu ma’noda, O‘zbekiston Konstitutsiyasining tashabbuskori, ilhomlantiruvchisi va asosiy muallifi mamlakat Birinchi Prezidenti Islom Karimov deyishga haqlimiz.

Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, Konstitutsiya loyihasi ikki marta umumxalq muhokamasiga qo‘yildi. Muhokamalarda 6 mingdan ortiq taklif mulohazalar bildirildi, deputatlarning taklif va mulohazalari inobatga olingan holda O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi navbatdan tashqari sessiyasida Konstitutsiyamiz kabul qilindi. U olti bo‘lim, 128 moddadan iboratdir. Islom Karimov shu sessiyada so‘zlagan nutqida, jumladan, bunday degan edi: «Hur O‘zbekistonimizning tarixida birinchi Konstitutsiyani qabul qilish jumhuriyatimizning yangidan tug‘ilishidir, huquqiy mustaqilligimizga mustahkam poydevor qurishdir. Konstitutsiyamiz asosiy qonunimiz sifatida davlatni davlat qiladigan, millatni millat qiladigan qonunlarga asos bo‘lishi muqarrar. Konstitutsiya o‘zining tub mohiyati, falsafiy g‘oyasiga ko‘ra yangi hujjatdir. Unda kommunistik mafkura, sinfiylik, partiyaviylikdan asar ham yo‘q. Jamiki dunyoviy ne’matlar orasida eng ulug‘i - inson degan fikrni ilgari surdik va shu asosda «fuqaro - jamiyat - davlat» o‘rtasidagi o‘zaro munosabatning oqilona huquqiy yechimini topishga intildik».

Mamlakatning Asosiy Qonunida xalqaro huquqning umum e’tirof etgan tamoyillari, milliy va umuminsoniy qadriyatlarning ustuvorligiga asoslangan. Unda «Mustaqillik deklaratsiyasi», «O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi to‘g‘risida Oliy Kengash bayonoti», «O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida»gi Qonunda mustahkamlangan tamoyillar, g‘oyalar yanada rivojlantirildi. Bir so‘z bilan aytganda, yuz yillar davomida bir bor beriladigan imkoniyatdan Prezident Islom Karimov boshchiligida xalqimiz izchil foydalandi natijada - tamomila yangi, inson huquq va manfaatlarini himoya qiluvchi chinakam Konstitutsiya yaratildi. Bu mustaqillikka erishgan xalqimiz hayotida, mamlakatimiz tarixida olam shumul voqea bo‘ldi.

Konstitutsiyani tayyorlash jarayonlarida, muhokamalarida Islom Karimov uning o‘nlab moddalariga shaxsan ishlov bergan, 77 ta prinsipial o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritgan. Masalan, Konstitutsiyaning muqaddimasi «xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan qoidalari ustunligini tan olgan holda» degan so‘zlar bilan to‘ldirilgan. Komissiya rahbari sifatida Islom Karimov vijdon erkinligi masalasiga juda katta e’tibor berdi. Loyihada bu haqdagi «Har bir kishi vijdon - erkinligi huquqiga egadir, har kim xohlagan diniga e’tiqod qilish yoki hech bir dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga, diniy va ateistik e’tiqodga ega bo‘lishi va bunday e’tiqodni tarqatish huquqiga egadir» degan jumlani Islom Abdug‘aniyevich tuzatib, «Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi», - deb ta’riflaydi.

Islom Karimov Konstitutsiyaviy komissiya raisi sifatida sessiyada ma’ruza qildi. Parlament deputatlari tomonidan loyiha moddama-modda muhokama qilinib, unga yana bir qator o‘zgartirishlar kiritilgach, 1992 yil 8 dekabr kuni Bosh qomusimiz qabul qilindi. Shu kundan e’tiboran 8 dekabr – umumxalq bayrami deb e’lon qilindi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti qonun chiqaruvchi oliy organning nomini Oliy Majlis, joylardagi boshqaruv rahbarlarini hokim deb nomlashni taklif etdi. Prezidentimiz Konstitutsiyaning har bir moddasini chuqur asoslash va takomillashtirishga bevosita bosh-qosh bo‘ldi. O‘zbekistonni suveren demokratik respublika sifatida rasman e’lon qilgan Konstitutsiyamiz jahon hamjamiyati tomonidan ijobiy baholandi.

Umuman olganda, Asosiy Qonunimiz umuminsoniy g‘oyalar – tinchlik, tenglik, erkinlik, birodarlik, xalqlar va millatlararo do‘stlik, mamlakat va dunyo barqarorligi kabi eng ulug‘ g‘oyalarga xizmat qiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek: “Konstitutsiyamiz asosida mamlakatimizda milliy qonunchilik tizimi, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari shakllandi. Bugungi kunda barcha jabhalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va harbiy salohiyatimiz yuksalib, fuqarolarimizning dunyoqarashi tobora o‘sib bormoqda. Bularning barchasi, eng avvalo, Bosh qomusimizning hayotbaxsh kuch-qudrati natijasidir”. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning “Konstitutsiya – davlatni davlat, millatni millat sifatida dunyoga tanitadigan Qomusnoma” bo‘lganligi hamda inson manfaatlari ustuvorligi, barqaror taraqqiyot, tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash omili bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti
Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy
memorial majmuasi markaz mudiri,
s.f.d., Vahob Qo‘chqorov