ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Xalqimiz buyuk farzandini unutmaydi


30.01.2018

30 yanvar kuni mamlakatimizda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tavalludining 80 yilligi keng miqyosda nishonlandi. 

Shu kuni Toshkent shahridagi Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida Birinchi Prezidentimiz xotirasini yod etishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni mas’ul xodimlari, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, Toshkent shahar hokimligi, davlat hamda jamoat tashkilotlari vakillari, poytaxtimiz aholisi va mehmonlari Islom Karimov haykali poyiga gulchambarlar qo‘yib, xotirasini yod etdi. 

Birinchi Prezidentimiz aziz umrini yurtimiz, xalqimiz baxtu saodati, bugungi tinch va farovon kunlarimizga bag‘ishladi, xalqimiz tashvishi bilan yashadi. Bizga ozod va obod Vatanni meros qoldirdi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish borasida keng miqyosli ishlar amalga oshirilayotgani xalqimizni quvontirmoqda. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 27 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi va 2017 yil 25 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosi doirasida Samarqand va Qarshi shaharlarida Islom Karimov haykallari qad rostladi, u kishi uzoq yillar samarali faoliyat yuritgan Oqsaroy qarorgohi yodgorlik majmuasiga aylantirildi, Toshkent xalqaro aeroporti, yirik muassasa va tashkilotlar, poytaxtimiz va viloyat markazlaridagi markaziy ko‘chalarga buyuk Yo‘lboshchimiz nomi berildi. Bu kabi xayrli ishlar davom etmoqda. 

Tadbirda Oliy Majlis palatalari, Vazirlar Mahkamasi rahbarlari, Prezidentimizning Davlat maslahatchilari ishtirok etdi.