ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Yodgorlik majmuasiga “Belbog‘li kurash” chilar tashrif buyurdi


11.07.2018

10 iyul kuni Yodgorlik majmuasiga O‘zbekiston belbog‘li kurash Federatsiyasi raisi Ravshan Dastirov boshchiligida delegatsiya tashrif buyurdi.

 

Belbog‘li kurash bo‘yicha Vatanimiz sharafini himoya qilib kelayotgan sportchi va murabbiylardan tarkib topgan mehmonlar O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qo‘yib uning xotirasiga hurmat bajo keltirdilar.

Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova hamrohligida «Butun olamni jo qilgan yurak» ko‘rgazmasini tomosha qilgan mehmonlar, ekspozitsiyaning yuqori darajada tashkil etilganini e’tirof etib, faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozib qoldirdilar.

 

Mehmonlar O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov milliy sport turi bo‘lgan “Kurash” va “Belbog‘li kurash” ning qayta tiklanishi va xalqaro miqyosda keng ommalashishida muhim rol o‘ynaganini ta’kidlashdilar.

Shuningdek, Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan Bolalar sportini rivojlantirish fondi tuzilib, uning homiylik kengashini boshqardi. Fond tufayli O‘zbekiston bo‘ylab millionlab bolalar o‘zlari yoqtirgan sport turlari bilan zamonaviy sport zallari va stadionlarda shug‘ullanish imkoniga ega bo‘ldilar. Bu “O‘sib kelayotgan sog‘lom avlod – mamlakatimiz kelajagi garovi” konsepsiyasida mustahkamlab qo‘yilgan sog‘lom turmush tarzini ommalashtirishda mamlakatimiz uchun mutlaqo yangi yondashuv bo‘ldi. Bu O‘zbekiston sportchilarining yuksak yutuqlari uchun asos yaratdi. Bunga ular tomonidan xalqaro musobaqalarda qo‘lga kiritilgan ko‘plab mukofotlar misol bo‘la oladi.

 

Faxriy mehmonlar kitobiga Ravshan Dastirov-«...O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti qalbimizda abadiy yashaydi», degan dastxat qoldirdi.