ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

O‘tkir Rahmat, "Xalq so‘zi" va "Narodnoye slovo" gazetalarining bosh muharriri


“Barchamiz uchun aziz va qadrli bo‘lgan Islom Abdug‘aniyevich Karimov bugun oramizda yo‘q. Biroq Birinchi Prezidentimiz tomonidan ishlab chiqilgan taraqqiyotning “o‘zbek modeli”ni amalga oshirish va zamonaviy davlat barpo etish borasidagi strategik tamoyillarga biz o‘z ishimizda doimo suyanamiz”.

Vazirlar Mahkamasining yaqinda bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan majlisida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan aytilgan bu so‘zlarda chorak asrlik mustaqil taraqqiyot davomida O‘zbekistonning buyuk farzandi, butun hayoti va bor kuch-g‘ayratini to‘laligicha Vatan xizmatiga baxshida etgan, o‘z xalqini jondan sevgan Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda qo‘lga kiritilgan yutuqlar e’tirofi o‘z ifodasini topgan.

Shubhasiz, bu muhabbat va hurmatga javoban xalqimiz ham Birinchi Prezidentimiz siymosini qalb to‘rida ardoqlab saqlaydi va mustaqillikni qo‘lga kiritish, mustahkamlash yo‘lida amalga oshirgan xayrli ishlarini sira unutmaydi.

Mamlakatimizning 25 yillik mustaqil taraqqiyot yo‘li siyosiy barqarorlik sharoitida ro‘yobga chiqarilgan izchil yangilanishlar davri bo‘ldi. Islom Karimov e’tirof etganidek, bunday siyosiy barqarorlikni, eng avvalo, iqtisodiy mustaqillikka erishmay turib ta’minlash mumkin emasdi, iqtisodiy mustaqillik esa, o‘z navbatida, dunyoda “o‘zbek modeli” deb nom olgan ulkan islohotlar dasturiga asoslangandi. Farovonlik yo‘lining bu aniq-ravshan formulasi O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti bizga qoldirgan boqiy meros sifatida aslo ahamiyatini yo‘qotmaydi. Chunki unda odamlarning har qanday inqirozga qaramasdan, o‘z Vatani bilan faxrlangani holda, munosib hayot kechirishga bo‘lgan qat’iy intilishlari mujassamdir. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, ana shu tamoyillar O‘zbekistonda bundan buyon ham siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy o‘zgarishlarni ta’minlashning mustahkam poydevori hisoblanadi.

O‘zbekistonning chorak asrlik mustaqil taraqqiyoti davomida amalga oshirilgan keng qamrovli islohotlar barcha sohadagi muvaffaqiyatlarimizning tamal toshi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Albatta, bu yutuqlarga yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik, millatlararo do‘stlik va hamjihatlik, barqaror iqtisodiy o‘sish tufayli erishildi. Bugun biz farovon hayotimizga odatiy hol sifatida qaraymiz. Biroq ko‘pchilik, ayniqsa, katta avlod vakillari o‘tgan kunlarimizni yaxshi eslashadi, “Kim edigu kim bo‘ldik?” degan savolga xolis va asosli javob bera oladilar, ular hozirgi dorilamon kunlarga qanday sa’y-harakatlar evaziga yetib kelganimizni teran anglaydilar.

O‘tgan davr haqida so‘z borganda, uni nafaqat “murakkab” tushunchasi bilan, balki “shiddatkor” iborasi bilan ham ifodalash lozim. Chunki ayni bir avlod ko‘z o‘ngida asrlarga tatigulik voqealar yuz berdi.

Bosib o‘tilgan yo‘l qanchalik mashaqqatli bo‘lganini, nechog‘li katta xavf-xatarlarga duch kelinganini takrorlab o‘tirishga hojat yo‘q. Bu qiyinchiliklarga nafaqat qarshi turish, balki o‘tish davrining barcha murakkabliklariga qaramasdan ularni yengib o‘tish faqatgina Birinchi Prezidentimizning shijoati, oqilona qarorlari, xalqimiz matonati tufayli amalga oshdi. Binobarin, puxta va donishmandona tahlil bilan qabul qilingan qarorlar zamirida millionlab insonlarning taqdiri uchun ulkan mas’uliyat hissi barq urib turardi.

Yosh mustaqil davlatning oyoqqa turib olishi o‘zining samaradorligini amalda isbotlagan, xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilgan demokratik jamiyat qurishning mashhur “o‘zbek modeli” bilan bevosita bog‘liqdir. Uning Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan beshta tamoyili mustaqil respublika qaysi yo‘nalishda o‘z taraqqiyoti sari borishi kerakligini belgilab berdi.

Aslini olganda, islohotlarning dastlabki bosqichida shakllangan “o‘zbek modeli” O‘zbekistonda bozor iqtisodiyotini qaror toptirish uchun uslubiy asos hamda jamiyat rivojiga mutlaqo yangicha nazarning aniq-ravshan ifodasi bo‘ldi.


Hayotiy chora-tadbirlar


Bugungi tinch va osoyishta, farovon hayotimiz bizni mustaqillik ostonasida ro‘y bergan voqea-hodisalar haqida xolis mushohada yuritishga undaydi. Yigirma yildan sal ko‘proq vaqt muqaddam hatto eng mashhur olim va tadqiqotchilar ham o‘tish davrining ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy jarayonlari bo‘yicha faqatgina yuzaki fikrlarni bildira olardi xolos. Chindan ham, o‘sha yillar kelgusida nima yuz berishi mumkinligi xususida hatto taxmin ham qilib bo‘lmas darajada murakkab edi.

Mavjud vaziyat tarixiy sharoit sabab tobora keskin tus olgandi. Negaki, respublikamiz va uning jafokash xalqini sobiq markazdagi partiya korchalonlari faqat qimmatbaho tola beruvchi paxta hosili zarur bo‘lib qolgandagina eslashlari oqibatida o‘zimizni boshi berk ko‘chaga kirib qolgandek his etardik. Shu bois vaziyatdan chiqib ketish yo‘llarini tezkorlik bilan topish talab etilardi. Yuridik fanlar doktori, huquq nazariyasi bo‘yicha mutaxassis Leonid Levitinning tarix va siyosiy fanlar professori, O‘rta Osiyoning siyosiy muammolari bo‘yicha amerikalik ko‘zga ko‘ringan olimlardan biri Donald S. Karlayl bilan hamkorlikda yozgan “Islom Karimov — yangi O‘zbekiston Prezidenti” nomli kitobida qayd etilganidek, 90-yillar boshida sovet respublikalaridan hech biri O‘zbekistonchalik halokat yoqasida emasdi.

— Respublika xalqining taxminan uchdan ikki qismini tashkil etuvchi qishloq aholisi yillar davomida ekspluatatsiya qilingan. Odamlar paxta yakkahokimligi sharoitida o‘ta og‘ir va sermashaqqat mehnatga mahkum, yashash uchun zarur mablag‘ning yetishmasligi va umuman, adolatsiz ijtimoiy tuzumdan aziyat chekishardi, — deb yozilgandi Avstriya poytaxtida nashr etilgan bu risolada.

Yigirmanchi asrning 90-yillari boshida yaqin xorij davlatlarining eng nufuzli gazetalarida mamlakatimiz haqida maqolalar “O‘zbekiston — qizib turgan samovar”, “O‘zbekiston — nonsizlar o‘lkasi”, “Quyosh botishi oldidan” kabi sarlavhalar ostida berilgan. Ko‘pgina kuzatuvchilar respublikani nafaqat dahshatli inqiroz kutayotganini, balki bu oqibatini tasavvur etish ham mushkul bo‘lgan muqarrar holat ekanini bashorat qilishardi.

O‘sha paytda ayrim shubhago‘ylar malayziyacha, amerikacha, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarining modellaridan nusxa ko‘chirish tarafdori edilar. Ular boshqa sanoati rivojlangan mamlakatlarda tatbiq etilgan bo‘lsa-da, xalqimiz qadriyatlariga, dunyoqarashiga to‘g‘ri kelmasdi. Bir necha “tayyor” retseptlar ham bot-bot takrorlanardi. Deylik, “shok terapiyasi” ulardan biri edi. Ammo uning tamoyillari davlat iqtisodiyotini sog‘lomlashtirish va uni inqirozdan chiqarish bahonasida mehnatga layoqatli aholining 40 foizini ishsiz qoldirishi, hayot darajasini pasaytirishi, ijtimoiy tanglikni kuchaytirishi mumkin edi.

Islom Karimov bozor munosabatlariga bunday yondashish noto‘g‘ri, degan qat’iy fikrini ilgari surdi. Boisi, taklif qilinayotgan uslublar butun hayot tarzini, xalqning ruhiyatini butunlay o‘zgartirishni talab etardi. Zotan, bizning asosiy vazifamiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning yangi bosqichiga hech qanday yo‘qotishlarsiz o‘tishdan iborat edi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston faqat o‘zigagina xos bo‘lgan yo‘lni tanladi. Bu yo‘l ilg‘or mamlakatlar tajribasini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, iqtisodiy islohotlarning milliy modelini yaratishni ko‘zda tutardi. O‘sha davrda “o‘zbek modeli” samarali o‘zgarishlarni amalga oshirish uchun kuchli turtki bo‘ldi hamda misli ko‘rilmagan chinakam najot va -yuksak ishonch baxsh etdi.


Kelajakni o‘z qo‘limiz bilan quramiz



“O‘zbek modeli”ga hamohang ravishda istiqbolli vazifalar belgilab olindi. Islom Karimov “Biz kelajagimizni o‘z qo‘limiz bilan quramiz” asarida qayd etganidek, respublikada iqtisodiy islohotlar va yangilanishlar dasturini amalga oshirishning dastlabki kunlaridan boshlaboq, asosiy e’tibor iqtisodiyot tuzilmasini muayyan ravishda yaxshilash, uning bir tomonlama, xom ashyo bazasi sifatidagi yo‘nalishidan voz kechishga qaratildi va hozir ham shunday qilinmoqda.

Mustaqillikka erishgunga qadar O‘zbekiston totalitar, mustabid tuzumning paxta bazasi hisoblanar va ana shu xom ashyoni boshqa mintaqalarga ham yetkazib berardi. Turmush darajasi esa nihoyatda past edi: 1990 yilda O‘zbekistonda umumiy daromadlari yashash minimumidan past bo‘lganlar aholining 70 foizini tashkil etardi, boshqa respublikalarda esa bu ko‘rsatkich 30 foizdan ko‘p emasdi. Mavjud korxonalar ichki bozor ehtiyojlari uchun emas, balki olib chiqib ketilishi uchun mahsulot ishlab chiqarardi. Shu bilan birgalikda, agar o‘sha payt xaritasiga nazar tashlansa, ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotining 50 foizi faqat Toshkent shahri va Toshkent viloyatining, qolgan 50 foizi esa boshqa viloyatlarning hissasiga to‘g‘ri kelardi.

— Sobiq tuzum shu qadar mafkuralashgan ediki, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning faoliyati iqtisodiyot qonunlariga emas, dogmalarga bo‘ysunardi, — deydi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi qoshidagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi-metodik markazi direktori o‘rinbosari Muhsinjon Xolmuhamedov. — O‘sha paytda yalpi ichki mahsulot tarkibida sanoatning ulushi, bor-yo‘g‘i, 14 foizga yaqin edi, xolos. Bir vaqtning o‘zida sobiq markaz juda katta miqdordagi moliyaviy mablag‘larni o‘z g‘oyalarini Afrika yoki Amerika qit’alaridagi mamlakatlarga singdirish uchun yo‘naltirardi. Yangi maktablar qurishga esa mablag‘ topilmasdi. XX asrning so‘nggi o‘n yilliklarida ana shunday sharoitlarda yashagan odamlar ishlab chiqarishda, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarda yuzaga kelgan turg‘unlikni ko‘rib, kelajakka bo‘lgan ishonchni yo‘qotgan edilar.

Boshqacha aytganda, mafkuraviy dogmalardan xoli shunday yangicha tafakkurni shakllantirish zarurati paydo bo‘ldi, toki u butun jahon tamadduni va har bir alohida mamlakatning sifat jihatidan yangi bosqichga o‘tishi uchun turli yo‘llar mavjudligini ko‘rsatib bersin. O‘zbekistonda uzoq vaqt davomida yuzaga kelgan muammolarni hal etish uchun tamomila yangi yondashuv ishlab chiqildi. U iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning har bir bosqichida maqsad va ustuvor vazifalarni aniqlashtirish, ularni bajarish uchun zarur bo‘lgan mexanizmlarni yaratish, qabul qilingan qarorlar ijrosini ta’minlashni o‘z ichiga oldi. Muhimi, bu ishlar ko‘zbo‘yamachilik, o‘z-o‘zini aldash va yutuqlardan esankirashlarsiz, vazminlik bilan olib borildi, aynan shuning uchun ham samarali bo‘ldi.

Yuqorida nomi keltirilgan L. Levitinning yozishicha, O‘zbekiston qulay geografik joylashuvga ega bo‘lib, mintaqaning transport, energetika va suv tizimlari markazida joylashgan. U aholi soni jihatidan ham, ilmiy-texnik salohiyati, noyob tabiiy-iqlim sharoitlari, qadimiy dehqonchilik madaniyati va mineral-xom ashyo zaxiralari bilan ham o‘z qo‘shnilari orasida ustun turadi. Bu esa o‘zini o‘zi oziq-ovqat bilan ta’minlashga, qishloq xo‘jaligi ekinlarining qimmatli texnik turlarini yetishtirish va eksport qilishga imkon yaratadi. Mamlakatda ekologik jihatdan xavfsiz va jahon bozorida raqobatdosh meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun barcha shart-sharoit mavjud.

Mutaxassislar fikricha, bozor iqtisodiyotini totalitar, ma’muriy-buyruqbozlik asosida shakllantirib bo‘lmaydi. Bu ikki tizim umumiy jihatlarga ega emas, shuning uchun ham mustaqillikka erishgan paytda mavjud xo‘jalik mexanizmini takomillashtirish emas, balki butunlay yangisini yaratish zarur bo‘ldi. “O‘zbek modeli” asosida bir holatdan boshqa holatga o‘tildi.

Yangi sharoitga o‘tish xalqning qo‘llab-quvvatlashi tufayli kelgusi taraqqiyot va iqtisodiyotning barqaror rivojlanishiga mustahkam poydevor yaratdi. Bu monolitning hayotiyligi keyin ham bir necha bor sinovdan o‘tdi. Masalan, jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi davrida respublikamiz o‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar dasturi asosida inqirozni salbiy oqibatlarsiz yengib o‘tdi.

Mulkdorlar mamlakati


Aniq iqtisodiy hisob-kitoblar shuni ko‘rsatadiki, bozor iqtisodiyotiga uning barcha qoidasi va talablarini joriy etgan holda o‘tish oson kechmaydi. Lekin mustaqillik ilgari mavjud bo‘lmagan astoydil mehnat qilish va buning uchun moddiy rag‘bat olish imkoniyatini taqdim etdi.

Bozor munosabatlari sharoitida xalqimiz o‘zining tadbirkorlik qobiliyatlarini ishga solgan holda, qo‘shimcha daromad manbaini topdi. Bozor iqtisodiyotiga o‘tish, shuningdek, odamlar ongu tafakkurini o‘zgartirish uchun zamin yaratdi. Aholi orasida tashabbuskorlik, o‘z kuchiga ishonish hissi shakllandi. Negaki, bozor munosabatlari odamlarni yangiliklarga befarq qaramaslikka, fan va texnikaning so‘nggi yutuqlarini dadil joriy etishga, kasbiy mahoratni munosib baholashga, qisqasi, iqtisodiyot ustidan markazlashgan boshqaruv sharoitida erishish mumkin bo‘lmagan yutuqlarni qo‘lga kiritishga chorlaydi. Bozor iqtisodiyotida madaniy an’analar takomiliga yetkaziladi, ayniqsa, u yoki bu sohada afzallikka ega bo‘lgan an’analar rivojlantiriladi. Bozor munosabatlari, bir tomondan, ishlab chiqarish quvvatlarining salohiyatidan samarali foydalanishni, ikkinchi tomondan esa, boqimandalikdan qutulib, tashabbuskorlik va omilkorlikni rivojlantirish, mulkka egalik hissini qayta tiklash va nihoyat, ishlab chiqaruvchining buyruqbozligidan voz kechib, uning iste’molchi manfaatlariga xizmat qilishini ta’minlaydi.

O‘z navbatida, mazkur jarayonning pirovard xulosasi Islom Karimovning “O‘zbekiston mulkdorlar mamlakatiga aylanishi kerak!” degan so‘zlarida yaqqol ifoda etildi. Respublikaning yangi taraqqiyot yo‘liga va tanlab olgan modeliga sodiqligi haqidagi fikrlar nafaqat mamlakatimiz, balki global miqyosda yangray boshladi. Birinchi Prezidentimiz Yevropa davlatlaridan biriga safari chog‘ida mamlakatimizda kichik va o‘rta mulkdorlar sinfi paydo bo‘lgan taqdirdagina jamiyatimiz taraqqiyot va demokratiya sari dadil odim tashlay olishini ishonch bilan ta’kidlagandilar.

Shunda mulkka munosabatni tubdan yangilash maqsadida o‘zgarishlar qadamma-qadam amalga oshirila boshlandi. Uning mohiyati mulkni davlat tasarrufidan chiqarish, xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish g‘oyasiga asoslanardi. Bu esa iqtisodiyotni bosqichma-bosqich yangilashda poydevor bo‘ldi va uning samaradorligi jahon hamjamiyati tomonidan alohida e’tirof etildi.

Ishbilarmon doiralar hamda tahlilchilar fikricha, oqilona va uzoqni ko‘zlagan siyosat bugungi kunda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan izchil davom ettirilmoqda, amalga oshirilayotgan islohotlar esa nafaqat samarali, balki O‘zbekiston singari bozor iqtisodiyotini rivojlantirish sari yuz tutgan boshqa davlatlarga amaliy o‘rnak bo‘la oladi.

Aytish kerakki, mustaqillik tufayli xususiy sektor beqiyos imkoniyatlarni qo‘lga kiritdi. 50 ga yaqin me’yoriy-huquqiy hujjatlar qayta ko‘rib chiqildi va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash maqsadida to‘ldirildi. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, agar bundan o‘n yil avval o‘z ishini yo‘lga qo‘yish uchun tadbirkorga 276 kun kerak bo‘lgan bo‘lsa, ayni paytda bu jarayon O‘zbekistonda bir haftadan kam muddatni talab etadi va yuqori daromadli mamlakatlar ko‘rsatkichiga mos keladi. Ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan bunday ishlar xalqaro iqtisodiy tashkilotlarning reytingida aks etmoqda. Misol uchun, qisqa davr ichida mamlakatimiz deyarli 70 band bo‘yicha ko‘rsatkichlarni yaxshilagan.

Izchil amalga oshirilayotgan siyosat tufayli bugun O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyatidan olinayotgan daromad MDH mamlakatlaridagi ko‘rsatkichlardan yuqori. Yangi mingyillikka o‘tish bo‘sag‘asida kichik biznesning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 31 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda, Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisida keltirilganidek, 56,9 foizga yetgan. Agrar sohadagi tub burilishlar natijasida qishloq mehnatkashlarining qarashlari ham o‘zgardi. Har bir fermer va dehqon o‘zini yerning haqiqiy egasidek his eta boshladi. Aynan egasidek, xo‘jayinidek emas — buning katta farqi bor. O‘zini va oilasini boqayotgan yerning holatiga, uni qayta ishlashga mas’uliyat bilan yondashadigan, hosildorlikni oshirish va mahsulotni saqlash uchun jon kuydiradigan, boshqacha aytganda, natijadorlikka va o‘z qobiliyatini to‘la namoyon etishga intiladigan bo‘ldi.

Ayni paytda O‘zbekistonda ish bilan band aholining to‘rtdan uch qismidan ko‘prog‘i xususiy sektorda mehnat qiladi. Ularga xom ashyoni zamonaviy texnologiyalar asosida chuqur qayta ishlash hajmini ko‘paytirish, tayyor mahsulotni eksport qilishni oshirish, xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish vazifalari ham yuklatilgan. Bundan chorak asr muqaddam umuman mavjud bo‘lmagan mulkdorlar va tadbirkorlar bugun iqtisodiyotning yetakchi kuchiga aylandi. Aholini sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash, yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish, zamonaviy xizmatlar ko‘rsatish, yangi ish o‘rinlari yaratish masalalarida ular asosiy rol o‘ynamoqda.

Samaradorligi tan olingan, chuqur o‘ylangan chora-tadbirlar, O‘zbekistonni ishbilarmonlik muhitini isloh etish bo‘yicha jahondagi kuchli o‘ntalikka kiritgan Jahon banki e’tirof etganidek, izchil davom ettirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2016 yil 5 oktyabrdagi xususiy sektor rivojida yangi sifat bosqichini boshlab bergan “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni ishbilarmonlar doirasida katta qiziqish uyg‘otdi. Davlatning qo‘llab-quvvatlashidan ilhomlangan tadbirkorlar safi o‘tgan yil davomida yana 32 mingta ko‘paydi.

— O‘zbekiston rahbariyati balandparvoz siyosiy bayonotlar bermaydi, siyosiy oldi-qochdi bilan shug‘ullanmaydi, — deb qayd etgan edi “Mir govorit” gazetasining bosh muharriri Viktor Matyashov (Rossiya). — U iqtisodiyotni yo‘lga qo‘yish, -davlat qurilishi borasida aniq ishlarni amalga oshiradi.


Dunyo nigohidagi ko‘rsatkichlar


Mustaqillikka erishilgan dastlabki kunlardan boshlaboq O‘zbekistonning har bir sa’y-harakati uzoq va yaqin qo‘shnilar tomonidan sinchiklab kuzatildi. Qulay geografik sharoitlar, tabiiy boyliklar va kadrlar salohiyatiga ega yosh davlat bilan aloqalarni o‘rnatishga bo‘lgan ishtiyoq yildan-yilga kuchayib borardi. Ammo ular har safar hamkorlikni taklif etish oldidan barqarorlikka ishonch hosil qilish uchun mamlakatimizdagi vaziyatni chuqur o‘rgandi. Chunki investorga uning qo‘yilmalari foyda keltirishi juda muhim: biznes, bu — biznes.

Shunday ekan, statistik hisobotlar, prognoz parametrlari, OAVdagi materiallar va boshqa manbalar juda puxta, ta’bir joiz bo‘lsa, lupa orqali tahlil etilardi. Diqqat bilan tanishgandan so‘ng esa hamkorlar to‘plangan dalillarni qoniqish bilan qayd etardi: O‘zbekiston sobiq sovet respublikalari orasida 1997 yildayoq sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 1990 yildagiga nisbatan 12,7 foiz oshira olgan yagona mamlakat edi. Boshqa ko‘pgina mustaqil davlatlar bir necha yil o‘tgandan keyin ham bu ko‘rsatkichni, hatto 1990 yoki 1991 yil darajasiga yaqinlashtira olmagan edilar.

Bunday natijalarga iqtisodiy islohotlarni asosiy maqsad qilib qo‘ymagan holda erishildi. Bu islohotlar dastlabki davrda, avvalo, odamlarga, ularning eng zarur kundalik ehtiyojlarini qondirishga yo‘naltirildi. Keyinchalik esa ularning o‘z qobiliyatlarini namoyon etishi uchun sharoit yaratishga qaratildi. Buni teran anglagan dono xalqimiz mustaqil davlatning har bir qadamini mamnuniyat bilan qarshi oldi.

O‘sha yillarda ommaviy axborot vositalaridagi tendensiyani ko‘pchilik yaxshi eslaydi. Televideniye va gazetalar MDH mamlakatlarida ish haqi o‘z vaqtida berilmayotgani haqidagi xabarlar bilan to‘lib-toshgan edi. 1998 yildan keyin “relslar jangi” tushunchasi qo‘llanila boshlandi: ya’ni o‘shanda ko‘mir qazib chiqaruvchi mintaqalarda yetti oylab maoshini ololmasdan sillasi qurigan konchilar asosiy transport magistrallarini to‘sib qo‘yishardi. Pensionerlarning ahvoli ham havas qilarli emasdi. Xorijlik sotsiolog Leonid Gordon ta’biri bilan aytganda, ular uyda o‘z muammolari bilan yolg‘iz qolishdan ko‘ra, namoyishga chiqishni afzal ko‘rishardi. Ayni paytda bu davlatlarda aholining besh foizga yaqini shu qadar boyib ketgan ediki, ularning daromadi qashshoq qatlam vakillarinikidan 25 — 40 baravar ortiq edi.

“O‘zbek modeli” asosida past va o‘rta daromadli aholi qatlamlarining turmush darajasini ko‘tarish bo‘yicha puxta o‘ylangan siyosatni amalga oshirish asnosida jamiyatda keskin tabaqalanishga yo‘l qo‘ymaslik choralari ko‘rildi. Yurtimizda 10 foiz ta’minlangan va 10 foiz yetarlicha ta’minlanmagan aholi daromadlari o‘rtasidagi tafovut, ya’ni “detsil koeffitsiyenti” deb ataluvchi ko‘rsatkich 2015 yilda 7,7 foizni tashkil etdi. Xalqaro e’tirof etilgan Jini indeksi, ya’ni aholining tabaqalanishi ko‘rsatkichi 0,280 ni tashkil etdi va bu ko‘pgina rivojlangan hamda rivojlanayotgan davlatlarnikidan ancha past edi.

Shu ma’noda, quyidagi raqamlar e’tiborni tortadi: 2016 yilda aholining real daromadlari 11 foiz o‘sdi, byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi 15 foiz, pensiya va ijtimoiy nafaqalar — 12,1 foiz oshirildi. Bu raqamlar jahonda davom etayotgan moliyaviy inqiroz sababli qator davlatlarda ijtimoiy to‘lovlar qisqarib borayotgan bir sharoitda bizning davlatimiz o‘z fuqarolariga qanchalik g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotganidan dalolat beradi.

Barqarorlik, yuqorida sanab o‘tilgan omillar, shuningdek, tobora takomillashayotgan transport sohasi, jozibador investitsiya muhiti, xalqaro reytinglardagi yuqori o‘rinlar — bularning hammasi O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga tayyor bo‘lgan yangidan-yangi investorlarni jalb etmoqda. Iqtisodiyotimizga, asosan, sohalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash loyihalarini amalga oshirish uchun kiritilayotgan sarmoyalar faqat 2016 yilda deyarli 10 foiz ortdi va 16,6 milliard dollarni tashkil etdi. Jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashayotgan O‘zbekiston hududida bugun besh mingdan ziyod chet el kapitali ishtirokida o‘zaro manfaatli hamkorlik asosida tuzilgan korxonalar faoliyat yuritmoqda. “O‘zbek modeli” asosida amalga oshirilgan islohotlar ekspertlar tomonidan hamisha yuqori baholanib kelinmoqda. Xususan, Jahon iqtisodiy forumi O‘zbekistonni eng tez rivojlanayotgan beshta davlat qatoriga kiritdi.

Yevropa Parlamentining Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik bo‘yicha delegatsiyasi raisi Iveta Grigulening fikricha, O‘zbekiston o‘z taraqqiyot yo‘lini bundan 25 yil avval qanday holatda boshlaganini hisobga olsak, mamlakat mustaqillik yillarida aqlbovar qilmas yutuqlarga erishgan.

— Bugun O‘zbekiston barcha sohada ildam rivojlanishni namoyish etmoqda. U o‘z fuqarolarining xavfsizligini ta’minlashga, ularning moddiy farovonligini va ijtimoiy himoyasini yaxshilashga, turli xizmatlardan foydalanishlari uchun imkon yaratishga alohida e’tibor qaratadigan davlatga aylandi, — deydi parlament a’zosi.

Keng ko‘lamli islohotlar natijasida O‘zbekiston iqtisodiyoti bir necha barobar o‘sdi, aholi nufusi bir yarim marta ko‘paygan bo‘lsa-da, jon boshiga daromad ko‘rsatkichlari sezilarli darajada ortdi. Shaharu qishloqlarimiz qiyofasi tubdan o‘zgardi, zamonaviy ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilma vujudga keldi. Bularning barchasi taraqqiyotning “o‘zbek modeli” hayotga muvaffaqiyatli tatbiq etilayotganining, mamlakat hamda uning har bir fuqarosi farovonligi yo‘lida -davom ettirilayotgan islohotlar siyosatining amaliy ifodasidir.